OIV bilan yashaydigan odamlarda neytropeniya

Neytropeniya - qondagi neytrofillarning g'ayritabiiy past konsentratsiyasi. Odatda OIV bilan yashaydigan odamlarda gematologik ko'rinish sifatida ko'riladi. Yangi tadqiqotda xitoylik tadqiqotchilar ushbu guruhdagi bemorlarda neytropeniya bilan bog'liq omillarni ko'rib chiqdilar. Ularning ish natijalari BMC jurnalida chop etilgan.

Tadqiqot

Tadqiqotga 2016-yil yanvaridan 2020-yil sentabrgacha bo‘lgan davrda Vuxan universitetining Chjungnan kasalxonasiga yotqizilgan OIV bilan kasallangan 780 kishi (83% erkaklar, o‘rtacha yoshi 43 yosh) ishtirok etdi.

Neytrofillar soniga qarab bemorlar 2 guruhga bo'lingan:

neytropeniya guruhi (34%);
nazorat guruhi (66%).

Mutaxassislar ikkala guruhda hamroh bo'lgan infektsiyalarni, muntazam qon testlarini, infektsiya ko'rsatkichlarini, limfotsitlar subpopulyatsiyasini, suyak iligi hujayralari sitologiyasini va suyak iligi morfologiyasini tahlil qildilar.

Natijalar

Tahlil shuni ko'rsatdiki, neytropeniya guruhidagi 45 yosh va undan katta yoshdagi odamlarning ulushi neytropeniya bo'lmagan guruhga qaraganda yuqori. Neytropeniyasi mavjud bo’lgan guruhdagi bemorlarda gepatit C virusi va og'iz bo'shlig'i kandidozi ko'proq uchragan. Neytropeniya guruhidagi bemorlarda C-reaktiv oqsil darajasi past kuzatilgan.

Tadqiqot natijalariga ko'ra, neytropeniya guruhida leykotsitlar, eritrotsitlar, gemoglobin, trombotsitlar, limfotsitlar, monositlar, eozinofillar va bazofillar soni sezilarli darajada kamaydi.
Neytropeniya kuzatilgan guruhda CD16, CD56 va CD19 limfotsitlari ham pastroq edi.

Kaplan-Meyyer omon qolish egri chizig'i tahlili shuni ko'rsatdiki, 2-darajali neytropeniya guruhi 1-darajali neytropeniya guruhiga va neytropeniya bo'lmagan guruhga qaraganda yomonroq prognozga ega. Keksa yosh, past gemoglobin darajasi va suyak iligi granulotsitlarining kamayishi OIV bilan yashaydigan odamlarda yomon prognoz bilan bog'liq edi.

Fikrlar
OIV infektsiyasi neytrofillar sonining pasayishiga va immunitet tizimining shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Og'ir neytropeniya prognozning yomonlashishiga olib keladi, bu OIV bilan kasallangan odamlarda neytropeniyani o'z vaqtida tashxislash va davolashni juda muhim qiladi, tadqiqot mualliflari ta'kidladilar.